
“Dolzarb 90 kun” doirasida ijodkor bilan uchrashuv
Qarshi davlat universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida ijodkor bilan samimiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Filologiya fakultetining "Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili)" yo‘nalishida tahsil olayotgan, adabiyot va jurnalistikaga qiziqadigan iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Uchrashuv mehmoni – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Nilufar Umarova bo‘ldi. “She’riyatga oshno dillar” mavzusida bo‘lib o‘tgan suhbatda adabiyotning inson ma’naviy kamolotidagi o‘rni, kitobning ahamiyati, mutolaaning tafakkur va dunyoqarashni kengaytirishdagi roli haqida fikr almashildi. Tadbir davomida talabalar o‘z ijod namunalaridan misralar o‘qib, o‘zlari yozgan she’rlarini tinglattirishdi. Iliq va samimiy ruhda o‘tgan bu uchrashuv talabalar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.